4-bob. Murojaatlarni berish va ularni ko‘rib chiqish tartibi
21-modda. Murojaatlarni berish tartibi
Murojaatlar ularda qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘z vakolati doirasiga kiradigan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga bevosita yoxud bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatni mustaqil ravishda berishga, shuningdek bu boradagi vakolatni o‘z vakiliga berishga yoxud murojaatni pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda yuborishga haqli. Voyaga yetmaganlar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab murojaatlar ularning qonuniy vakillari tomonidan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin.
Murojaatga u bo‘yicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning ko‘chirma nusxalari, shuningdek uni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar bundan mustasno. Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar murojaat taalluqliligi bo‘yicha boshqa davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga yuborilganda murojaatga ilova qilinishi kerak.
Murojaat pochta aloqa vositasi orqali konvertda kelib tushganda konvertda murojaat va unga ilovalar mavjudligi tekshiriladi. Konvertda murojaat mavjud bo‘lmasa yoki u shikastlangan bo‘lsa, shuningdek murojaatda ko‘rsatilgan ilovalar mavjud bo‘lmasa, dalolatnoma tuzilib, uning bir nusxasi murojaat etuvchiga konvertda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha yuboriladi.
22-modda. Murojaatlarni berish muddatlari
Murojaatlarni berish muddatlari, qoida tariqasida, belgilanmaydi. Ayrim hollarda, agar davlat organining, tashkilotning yoki ular mansabdor shaxslarining murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha imkoniyatlariga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida amalga oshirish va himoya qilishni ta’minlash zaruratiga bog‘liq bo‘lsa, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra murojaatni berish muddati belgilanishi mumkin.
Bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga ariza yoki shikoyat jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi harakat (harakatsizlik) sodir etilganligi yoxud qaror qabul qilinganligi ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran uzog‘i bilan bir yildan kechiktirmay beriladi.
Ariza yoki shikoyat berishning uzrli sababga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati arizani yoki shikoyatni ko‘rib chiquvchi davlat organi, tashkilot yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi tomonidan tiklanadi.
23-modda. Murojaatlar bo‘yicha ish yuritish
Davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan murojaat o‘sha kunning o‘zida, ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushgan taqdirda esa, keyingi ish kuni ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
Murojaatni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat organlarida, tashkilotlarda murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish daftari yuritilib, unda murojaatning tartib raqami va kelib tushgan sanasi, murojaat etuvchi jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), yuridik shaxsning nomi, murojaatning qisqacha mazmuni, ijrosi to‘g‘risidagi belgi, shuningdek boshqa ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Davlat organlari, tashkilotlar murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etishi mumkin.
Davlat organining rahbariga yoki vakolat berilgan mansabdor shaxsiga ommaviy qabullar vaqtida tushgan va joyida hal etilgan og‘zaki murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinmaydi. Bunda jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs vakilining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, murojaatning qisqacha mazmuni, shuningdek uni ko‘rib chiqish natijasi ommaviy qabul bayonnomasida ko‘rsatiladi.
Murojaatni ro‘yxatdan o‘tkazish va ko‘rib chiqish bo‘yicha ish yuritish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
24-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi
Davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxslariga kelib tushgan murojaatlar shu organ, tashkilot tomonidan yoki murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha zimmasiga majburiyatlar yuklatilgan mansabdor shaxslar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Davlat organiga, tashkilotga kelib tushgan murojaatlar bo‘ysunuv tartibida quyi turuvchi bo‘linmalarga ham yuborilishi mumkin.
Agar murojaatda davlat organlari, tashkilotlarning bir nechta tarkibiy bo‘linmalariga taalluqli masalalar mavjud bo‘lsa, ularning barchasi murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha ijrochilar etib belgilanadi. Ijrochilar o‘rtasida birinchi ko‘rsatilgan tarkibiy bo‘linma murojaatning ko‘rib chiqilishini boshqa tarkibiy bo‘linmalar bilan birgalikda ta’minlaydi.
Murojaatni to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zarurat paydo bo‘lgan taqdirda, mazkur murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchidan, shuningdek o‘z vakolatlari doirasida boshqa davlat organlaridan, boshqa tashkilotlardan va mansabdor shaxslardan qo‘shimcha axborotni so‘rab olishi mumkin. Agar axborot davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, davlat organlari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar o‘zlaridan so‘ralayotgan axborotni o‘n kun ichida taqdim etishi shart.
Murojaatlarni ko‘rib chiqayotgan davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari zarur hollarda, murojaatning joyning o‘ziga borib ko‘rib chiqilishini ta’minlashi mumkin.
Agar murojaatda qo‘yilgan masalalar xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga daxldor bo‘lsa, ularning vakillari murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida jalb etiladi.
Agar murojaatni ko‘rib chiqishda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyatini tekshirish, shu jumladan moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) zarurati yuzaga kelsa, tekshirish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
241-modda. Voyaga yetmagan shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari
Voyaga yetmagan shaxslar o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga ushbu Qonunda belgilangan tartibda mustaqil ravishda murojaat berishga haqli. Davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan voyaga yetmagan shaxsning murojaatlarini ko‘rib chiqish uning qonuniy vakillari, shuningdek vasiylik va homiylik organlari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxslar to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmaganligi sababli ularning murojaatlarini ko‘rib chiqmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Murojaatda qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘z vakolatiga kirmaydigan davlat organlari, tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari murojaatni tegishli davlat organiga, boshqa tashkilotga yoki mansabdor shaxsga yoxud vasiylik va homiylik organiga yuborishi shart.
25-modda. Ayrim murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi
Takroriy murojaatlar umumiy asoslarda ko‘rib chiqiladi, ushbu Qonunning 30-moddasida ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno.
Qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘zining vakolati doirasiga kirmaydigan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxslariga kelib tushgan murojaatlar besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli organlarga, boshqa tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga yuborilib, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi. Bunda kelib tushgan elektron murojaat elektron shaklda yuborilishi mumkin.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga, tashkilotlarga o‘tkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga, tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi.
Agar murojaatlarda ularni tegishli davlat organlariga, tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish uchun zarur ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, bu murojaatlar murojaat etuvchiga besh kunlik muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan qaytariladi.
Agar murojaatni ko‘rib chiqish davomida murojaatning dublikati kelib tushsa, mazkur murojaat avval kelib tushgan murojaat bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi.
Agar murojaatning dublikati murojaat ko‘rib chiqilganidan va javob yuborilganidan keyin kelib tushsa, bu haqda davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchini tegishli tartibda xabardor qiladi.
Murojaatlarning turlariga kiritilmagan xatlarni (tashakkurnomalar, tabriknomalar, taklifnomalar, fikr-mulohazalarni) ko‘rib chiqish davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan ularning o‘z ixtiyoriga ko‘ra amalga oshiriladi.
26-modda. Murojaat etuvchini eshitish
Murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organi, boshqa tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari o‘z tashabbusiga ko‘ra yoxud murojaat etuvchining iltimosiga ko‘ra uni eshitishni tashkil etishi mumkin.
Davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchiga murojaatda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha o‘z fikrini bildirish va murojaat bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etish imkoniyatini beradi. Davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchini eshitishga ekspertlarni, mutaxassislarni va manfaatdor tashkilotlarning vakillarini jalb etishi mumkin.
27-modda. Murojaatlarga javoblar
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan qaror qabul qilinadi, bu haqda murojaat qiluvchiga darhol yozma yoki elektron shaklda xabar qilinadi.
Murojaatga javobni davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning mansabdor shaxsi imzolaydi.
Jamoaviy murojaatlarga javob, agar murojaatda javobni boshqa shaxsga yuborish talab etilmagan bo‘lsa, murojaat qiluvchilarning ro‘yxatida birinchi ko‘rsatilgan shaxsga yuboriladi.
Murojaat, agar unda qo‘yilgan barcha masalalar ushbu Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilgan va murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda, ko‘rib chiqilgan hisoblanadi.
Murojaatlarga javoblar mumkin qadar murojaat etilgan tilda bayon qilinadi, javoblar murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni inkor etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslarni (zaruratga qarab qonunchilik hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Ommaviy qabullar vaqtida davlat organining rahbariga yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxsiga kelib tushgan va joyida hal etilgan og‘zaki murojaatlarga yozma javob yoki elektron shakldagi javob talab etilmaydi.
28-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari
Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organining, tashkilotning rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.
Taklif davlat organiga, tashkilotga yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno bo‘lib, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.
29-modda. Murojaatlarni ko‘rmay qoldirish
Quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:
anonim murojaatlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;
mazkur Qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar.
Murojaatlar ko‘rmay qoldirilganda tegishli xulosa tuziladi, u davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadi.
Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi sababli murojaatlar ko‘rmay qoldirilganligi to‘g‘risida murojaat qiluvchi tegishli tartibda xabardor qilinadi.
30-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishni tugatish
Murojaatlarni ko‘rib chiqish quyidagi hollarda tugatiladi:
agar takroriy murojaatlarda yangi vajlar yoki yangidan ochilgan holatlar keltirilmagan bo‘lsa, ilgarigi murojaat materiallarida esa tekshiruvlarning to‘la-to‘kis materiallari mavjud bo‘lsa va murojaat qiluvchiga belgilangan tartibda javoblar berilgan bo‘lsa;
agar murojaat qiluvchi o‘z murojaatini belgilangan tartibda chaqirib olgan bo‘lsa yoki uni ko‘rib chiqishni tugatish to‘g‘risida iltimos qilgan bo‘lsa;
yashash joyi, turgan joyi (pochta manzili), elektron pochta manzili yoki boshqa rekvizitlari o‘zgarganligi to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilmaganligi tufayli chaqirishning imkoni yo‘qligi sababli murojaatni murojaat qiluvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqish imkoniyati bo‘lmaganda;
murojaatni murojaat qiluvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqish imkoniyati mavjud emasligi sababli, davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilgan murojaat qiluvchi kelmay qolgan taqdirda;
agar murojaat qiluvchi jismoniy shaxs vafot etganidan so‘ng murojaatni ko‘rib chiqish huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ymasa.
Murojaatni ko‘rib chiqishni tugatish to‘g‘risidagi qarorni davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning vakolat berilgan mansabdor shaxsi qabul qiladi.
Takroriy murojaatni ko‘rib chiqish ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisiga muvofiq tugatilganda, murojaat qiluvchi takroriy murojaatning asossizligi va ushbu masala yuzasidan u bilan yozishmalar tugatilishi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilinadi. Yozishmalar olib borish tugatilgan murojaat qiluvchidan takroriy murojaat kelib tushgan taqdirda, bunday murojaatni ko‘rib chiqish murojaat qiluvchini bu haqda xabardor qilmasdan tugatiladi.
Murojaatni ko‘rib chiqish uni chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza bo‘yicha tugatilganda murojaat murojaat qiluvchiga davlat organining, tashkilotning yoki ular mansabdor shaxsining xati bilan birga uch kun ichida qaytariladi. Murojaatni chaqirib olish to‘g‘risidagi ariza qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilishini istisno etmaydi.
Murojaat qiluvchi chaqirilgan jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs vakilining kelmay qolganligi sababli murojaatni ko‘rib chiqishni tugatish to‘g‘risida tegishli tartibda xabardor qilinadi.
31-modda. Murojaatga javobni tushuntirish va uni tuzatish
Jismoniy yoki yuridik shaxsning iltimosiga ko‘ra murojaatni ko‘rib chiqqan davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari murojaatga javobni uning mazmunini o‘zgartirmasdan tushuntirishi, shuningdek yo‘l qo‘yilgan xatolar va arifmetik xatolarni o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki murojaat qiluvchining iltimosiga ko‘ra, murojaatga javobning mazmuniga daxl qilmagan holda tuzatishi shart.
Murojaat qiluvchining murojaatga javobni tushuntirish va uni tuzatish to‘g‘risidagi iltimosi u kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ko‘rib chiqiladi.