5-bob. Madaniy faoliyatni tashkil etish
27-modda. Madaniyat tashkilotlari
Madaniy faoliyat sohasidagi faoliyatni asosiy faoliyat turi sifatida amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki yuridik shaxsning tarkibiy bo‘linmasi madaniyat tashkilotidir.
Madaniyat tashkilotlari davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari yoki nodavlat madaniyat tashkilotlari shaklida tashkil etilishi mumkin.
Davlat mulkida turgan mulk negizida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan tashkil etilgan muassasalar va tashkilotlar davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari jumlasiga kiradi.
Madaniy faoliyat sohasidagi faoliyatni asosiy faoliyat turi sifatida amalga oshiruvchi nodavlat tashkilotlar nodavlat madaniyat tashkilotlari jumlasiga kiradi.
Madaniyat tashkilotlari faoliyatining turlari ularning muassislari tomonidan belgilanadi hamda ustavda va (yoki) boshqa ta’sis hujjatlarida ko‘rsatiladi.
Davlat muassasalari va madaniyat tashkilotlari o‘zida saqlanayotgan madaniy boyliklar to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek teatr sahna asarlarining va (yoki) ijodiy dasturlarning mavsumiy repertuaridan chiqarilgan audiovizual yozuvlarni qonunchilikda belgilangan tartibda elektron axborot resurslariga joylashtiradi.
28-modda. Madaniyat tashkilotlarining asosiy toifalari
Madaniyat tashkilotlari madaniy faoliyatning turlariga qarab quyidagi toifalarga bo‘linadi:
madaniy-tomosha tashkilotlari;
madaniy-ma’rifiy tashkilotlar;
boshqa madaniyat tashkilotlari.
Faoliyatining asosiy turi sahna san’ati asarlarini yaratishdan va ularni omma oldida namoyish etishdan iborat bo‘lgan madaniyat tashkilotlari (teatrlar, filarmoniyalar, sirklar, konsert tashkilotlari (professional ijodiy jamoalar, musiqiy jamoalar hamda ansambllar va boshqalar), kinematografiya tashkilotlari va boshqalar) madaniy-tomosha tashkilotlari jumlasiga kiradi.
Faoliyatining asosiy turi madaniyat obyektlaridan foydalanishni ta’minlashdan, shaxsning intellektual, ma’naviy-axloqiy, madaniy va ta’lim olishga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirishdan, shaxsning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishdan, shuningdek milliy madaniyatni tiklash va yanada rivojlantirishga ko‘maklashishdan, madaniy meros obyektlarini saqlashdan iborat bo‘lgan madaniyat tashkilotlari (madaniyat markazlari, milliy madaniy markazlar, muzeylar, badiiy galereyalar (ko‘rgazmalar), ko‘rgazma zallari, tarixiy-madaniy qo‘riqxonalar, madaniyat va istirohat bog‘lari, klub muassasalari, madaniyat saroylari hamda uylari, madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim muassasalari, madaniy-axborot markazlari hamda madaniy-ma’rifiy markazlar va boshqalar) madaniy-ma’rifiy tashkilotlar jumlasiga kiradi.
Moddiy madaniy meros obyektlari va arxitektura yodgorliklari, qayta tiklash (restavratsiya) markazlari, tadqiqot markazlari, ijodiy ustaxonalar, xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’ati tashkilotlari hamda boshqalar boshqa madaniyat tashkilotlari jumlasiga kiradi.
29-modda. Madaniyat markazlari
Davlat muassasasi shaklida tashkil etilgan, aholining madaniy ehtiyojlarini o‘rganish, shuningdek madaniy-ma’rifiy va ko‘ngilochar xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi, badiiy ijod, amaliy san’at va havaskorlik bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs madaniyat markazidir.
Madaniyat markazlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholiga ko‘rsatiladigan madaniy xizmatlar sifatini yaxshilash, aholining bo‘sh vaqti mazmunli o‘tishini ta’minlash va madaniy ehtiyojlarini qanoatlantirish, ijodiy jamoalarning milliy qadriyatlarni, urf-odatlar va an’analarni o‘zida mujassam etgan namunaviy dasturlarni shakllantirish;
xalq ijodiyotini va badiiy havaskorlikni saqlash hamda rivojlantirish, badiiy va amaliy ijodiy jamoalarni, havaskorlik guruhlarini tashkil etish, ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek ijodiy jarayonlarni tizimli asosda boyitib borish;
bolalarni to‘garaklarga jalb etish, ularni chet tillarga o‘qitish, “Nutq madaniyati” kurslarini tashkil etish, xalq ijodiyotining barcha janrlari va yo‘nalishlarini, havaskorlik san’atini va nomoddiy madaniy merosni keng targ‘ib qilish, shuningdek ularni asl holida kelajak avlodga yetkazish;
adabiyot va san’at arboblari, professional ijodiy guruhlar bilan birga ma’naviy-ma’rifiy va madaniy-ommaviy tadbirlarni tashkil etish hamda ular ishtirokida aholi, shu jumladan yoshlar bilan ijodiy uchrashuvlar va suhbatlar o‘tkazish;
xalq ijodiyoti va tomosha san’ati tanlovlarini, tuman (shahar) festivallarini o‘tkazish, iste’dodli yoshlarni aniqlash hamda ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash;
ommaviy bayramlar, tomoshalar hamda xalq sayillarini tashkil etish, yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomalarga ko‘ra ijtimoiy-madaniy bo‘sh vaqtni tashkil etish sohasida pulli xizmatlar ko‘rsatish.
30-modda. Milliy madaniy markazlar
Milliy madaniy markazlar tilni, madaniyatni, urf-odatlar va an’analarni, tarixiy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirish, madaniy va ma’naviy merosni saqlash, millatlararo tinchlik va totuvlikni saqlab turish, millatlararo munosabatlarni uyg‘unlashtirish, xalqaro madaniy almashinuvni rag‘batlantirish, shuningdek xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida yashovchi millatlar va elatlarning vakillari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari nodavlat notijorat tashkilotlari shaklida milliy madaniy markazlarni tashkil etishi mumkin.
Milliy madaniy markazlar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va qonunchiligida belgilangan tartibda, chet davlatlarda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan yoki O‘zbekiston Respublikasida chet davlatlar tomonidan tashkil etilishi mumkin.
31-modda. Teatr
Teatr sahna asarlarini (drama, musiqali drama, musiqa, raqs, qo‘g‘irchoq, pantomima, hajviy va hazil-mutoyiba sahna asarlarini, bolalar va o‘smirlar uchun, yoshlarbop, eksperimental va boshqa asarlarni) yaratishni, ommaviy ijro etishni va (yoki) ommaviy namoyish qilishni amalga oshiradigan madaniy-tomosha tashkilotidir.
Teatrning asosiy vazifalari O‘zbekiston xalqining (O‘zbekiston Respublikasida yashovchi millatlar va elatlarning) teatr madaniyatini, milliy o‘zini o‘zi anglashini va tillarini saqlash hamda rivojlantirishdan, shuningdek sahna asarlarini yaratish, ommaviy ijro etish va (yoki) ommaviy namoyish qilishdan, mazkur yo‘nalishda innovatsion loyihalarni amalga oshirishdan iboratdir.
Teatrlar badiiy yo‘nalishlarni, repertuarni tanlashda, sahna asarlarini yaratish, ommaviy ijro etish va (yoki) ommaviy namoyish qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishda, shuningdek samarali ijodiy jarayonni va ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan, qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa faoliyatni amalga oshirishda erkindir.
Sahna asarlarini yaratish, ommaviy ijro etish va (yoki) ommaviy namoyish qilish uchun chet ellik ijodkorlar shartnoma asosida jalb etilishi mumkin.
Har bir sahna asarini sahnalashtiruvchi rejissorning tavsiyalari asosida davlat teatri rahbari tomonidan sahnalashtirish guruhi tuziladi.
Davlat teatrlarida har bir sahna asari ommaviy ijro etish va (yoki) ommaviy namoyish qilish uchun tayyor ekanligi to‘g‘risidagi qaror teatrning badiiy kengashi tavsiyasiga ko‘ra teatr rahbari tomonidan qabul qilinadi.
Davlat teatrining badiiy kengashi to‘g‘risidagi nizom va uning tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda kamida uch yilda bir marta yangilab turiladi.
32-modda. Sirk
Sirk estrada-sirk janri asarlarining (akrobatika, gimnastika, jonglyorlik, polvonlik, dorbozlik, qiziqchilik, fokuschilik, pantomima, olov o‘yinlari, chavandozlik (ot sporti turi), hayvonlarni o‘rgatish va boshqalar) sahna tomoshalarini amalga oshiruvchi madaniy-tomosha tashkilotidir.
Sirklar badiiy yo‘nalishlarni, repertuarni tanlashda, estrada-sirk janri asarlarini yaratish va sahnalashtirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilishda, shuningdek samarali ijodiy jarayonni va ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan, qonunchilikka zid bo‘lmagan faoliyatni amalga oshirishda erkindir.
Sirklarning hayvonlarni parvarishlash, o‘rgatish hamda ular ishtirokida sahna tomoshalarini namoyish etishga tayyorlash bo‘yicha faoliyatida hayvonlarni oziqlantirish hamda ularga xizmat ko‘rsatish normalariga, veterinariya-sanitariya va zootexnika talablariga, shuningdek xavfsizlik talablariga rioya etilishi kerak.
Estrada-sirk janridagi asarlarni yaratish va sahnalashtirish uchun shartnoma asosida chet ellik ijodkorlar jalb etilishi mumkin.
33-modda. Konsert tashkilotlari
Konsert tashkiloti san’at asarlarini ommaviy ijro etishni, badiiy jamoalar va alohida ijrochilarning faoliyatini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotdir.
Konsert tashkilotlarining asosiy vazifalari musiqiy-estetik jihatdan tarbiyalash, yuksak badiiy ijodiy dasturlarni va alohida ijrolarni yaratish uchun shart-sharoitlarni ta’minlash, professional badiiy jamoalar va alohida ijrochilar konsertlarini tashkil etish, musiqiy-ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishdan iboratdir.
Konsert tashkilotlari ijodiy dasturlarni va alohida ijrolarni yaratishda, repertuarni tanlashda mustaqildir.
Ijodiy dasturlarni va alohida ijrolarni yaratish uchun chet ellik ijodkorlar shartnoma asosida jalb etilishi mumkin.
34-modda. Madaniy-ma’rifiy tashkilotlar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari
Madaniy-ma’rifiy tashkilotlar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
xalq ijodiyotini, xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atini, shuningdek madaniy meros obyektlarini saqlash va targ‘ib qilish;
O‘zbekiston Respublikasida o‘tkaziladigan bayramlarni, konsertlarni, ashula va raqs bayramlarini, taqdimotlarni, festivallarni, tanlovlarni, xalq amaliy va tasviriy san’ati ko‘rgazmalarini tashkil etish;
ilmiy-amaliy, axborot-uslubiy ishlarni tashkil etish;
madaniy-ko‘ngilochar faoliyatning va xalq ijodiyotining ilg‘or tajribasini o‘rganish, umumlashtirish, ommalashtirish, tatbiq etish va tarqatish;
eng yaxshi xalq ijodiyoti jamoalarini viloyatlar, hududlar, respublika bayramlarida, xalqaro bayramlarda, tanlovlarda, festivallarda ishtirok etish uchun jalb qilish orqali ularni ommalashtirish;
madaniyat tashkilotlarining assotsiatsiyalarini (uyushmalarini), shuningdek madaniyatni saqlash va rivojlantirishga qaratilgan innovatsion loyihalarni, madaniy tadbirlar hamda tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash.
35-modda. Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlariga “Milliy” yoki “Akademik” maqomini berish
Davlat madaniyat muassasalariga va tashkilotlariga madaniyat hamda san’at sohasida erishgan yutuqlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Milliy” yoki “Akademik” maqomi berilishi mumkin.
36-modda. Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlarining attestatsiyasi
Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlarining attestatsiyasi ular asosiy faoliyatining samaradorligini baholash, moddiy, mehnat va moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish, ularning tuzilmalarini tartibga solish maqsadida uch yilda bir marta o‘tkaziladi.
Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlarining attestatsiyasi tartibi qonunchilikda belgilanadi.