Joriy yilning 29-aprel kuni 25-sonli musiqa va san’at maktabining fortepiano yo‘nalishi o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirokida sinf konserti bo‘lib o‘tdi. Mazkur konsertning o‘ziga xos jihati shundaki, unda ustoz va shogirdlar bir sahnada chiqish qilib, o‘z mahoratlarini namoyon etdilar.
Konsert davomida turli davr va janrlarga oid kuylar ijro etilib, tomoshabinlarga estetik zavq ulashildi. O‘qituvchilar o‘zlarining professional ijrosi bilan o‘quvchilarga namuna bo‘lsalar, o‘quvchilar esa sahnadagi ishonchli chiqishlari orqali egallagan bilim va ko‘nikmalarini namoyish etdilar.
Bunday konsertlar ustoz va shogird o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni yanada mustahkamlab, o‘quvchilarning sahna madaniyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Tadbir ishtirokchilar va tinglovchilarda iliq taassurotlar qoldirdi.